Huawei 1
Senat: 90-yillarga nisbatan suv sarfi yiliga 64 mlrd metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 mlrd metr kubgacha kamaygan

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

O‘zbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 mlrd metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 mlrd metr kubgacha kamaygan.

Biroq izchil islohotlar va ro‘y bergan tub o‘zgarishlar, yangi rivojlanish strategiyasini shakllantirish hamda suv munosabatlarining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarining o‘zgarrishi suvga oid qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirmoqda.

Qayd etilganidek, qonun bilan tasdiqlanayotgan Suv kodeksida suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirilgan.

Jumladan, suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilmoqda.

Shuningdek, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari, suvga doir munosabatlarda xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.

Suv kodeksining qabul qilinishi suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va muhofaza qilishni taʼminlaydi. Soha bo‘yicha davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinadi. Suv yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilarining masʼuliyati ortadi.

 Shuningdek, Qonun mamlakatning suv xavfsizligiga erishishiga xizmat qiladi. Unda suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlari va atrof muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlar holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.

Bundan tashqari, suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va texnologik modernizatsiya qilish rag‘batlantiriladi.

Shu bilan birga, qonun xalqaro suv huquqi normalarini milliy suv qonunchiligiga singdirish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaxshilashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31719 | Инструменты