Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yil Osiyo qitʼasida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining qolgan uchrashuvlarida munosib ishtirok etish uchun navbatdagi yig‘inni Qatarda o‘tkazayotganidan xabaringiz bor.
Terma jamoamizga yangi tayinlangan bosh murabbiy – Timur Kapadze boshchiligida o‘tayotgan yig‘in Doha shahrida 31-yanvar kuniga qadar davom etadi. Ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida O‘zbekiston terma jamoasi bugun, 27-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00da “Abdulloh bin Xalifa” stadionida Iordaniya terma jamoasiga qarshi nazorat o‘yinini o‘tkazadi.
Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo qitʼasida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining “A” guruhida 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o'tamiz, 22-yanvar sanasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanes sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani oʻzaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qilgan edi. Sloveniyalik murabbiy oʻz murojaatida hozirgi holatida vazifalarini toʻlaqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi.
Shundan so'ng, Timur Kapadze O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. "Hozirgi yuzaga kelgan holatda O‘FA aynan Kapadzening murabbiylik iste‘dodi, mas‘uliyati, jamoa a‘zolari orasida mavqei, qolaversa doimo yuqori maqsad sari intilish kabi jihatlari orqali muhim uchrashuvlarda ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonadi. Ayni kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarda yig‘in o‘tkazmoqda. Timur Kapadze ushbu yig‘inga qo‘shilib, jamoa boshqaruvini qoʻlga oladi", - deyiladi O'FA xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12807 | Инструменты