Huawei 1
Vlado Radmanovich: BAA bilan o‘yinlardagi noxush anʼanaga chek qo‘yishga harakat qilamiz

O‘zbekiston milliy jamoasi yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich JCH-2026 saralashidan o‘rin olgan BAAga qarshi bahs oldidan o‘z fikrlarini bildirdi

"Avvalo, Srechko Katanesning ahvoli yaxshilanganini aytishim mumkin. Bosh murabbiy noyabrdagi o‘yinlarda jamoa bilan birga bo‘ladi. U mashg‘ulotlarni ham, o‘yinlarni ham kuzatib bormoqda. 

BAA bilan o‘yinga kelsak, noxush seriya bor ekan. Yaʼni O‘zbekiston raqibni o‘z maydonida mag‘lub etolmagan ekan. Ertaga bu anʼanaga chek qo‘yishga harakat qilamiz. 

Ha, Eron bilan o‘yinda bosh murabbiyning yo‘qligi bilindi. Biz reaksiya bildirishga, o‘zgarishlar qilishga kechikdik. Lekin yana bir narsani aytish kerakki, doim ham g‘alaba uchun qilingan o‘zgarishlar kutilgan foydani beravermaydi. 

Katanesning BAA milliy jamoasida ishlagani bizga foyda beradi. U raqib futbolchilari mentaliteti haqida yaxshi biladi. 

BAAni o‘rgandik. Raqib himoyalanganganda to‘liq ortga qaytib, yopilib oladi. Bosim o‘tkazib, himoyani yorib o‘tishga harakat qilamiz. 

Afsuski, kechagi mashg‘ulotlarda Abbos Fayzullayev jarohat oldi. Uning holatini kuzatyapmiz. Shuningdek, Oston O‘runovda ham jarohat bor. 

Gol urolmaganimiz? Eron himoyasi kuchliligini tan olish kerak. Ammo biz ham ulardan to‘p o‘tkazmayapmiz. 3 yil avvalgi bilan solishtirsak, O‘zbekiston o‘sishga erishdi. 

Ertangi o‘yin taktikasi haqida gapira olmayman. Ammo lozim bo‘lsa, tavakkal qilishimiz mumkin. Aziz Turg‘unboyev, Hojimat Erkinov kabi futbolchilar bilan o‘yinni kuchaytira olamiz. Bizga hozir yetishmayotgan futbolchi — Igor Sergeyev. Ikkinchi markaziy hujumchi yo‘qligi sabab Eldor Shomurodov to‘liq o‘ynamoqda", — deya Radmanovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

O‘yin ertaga, 15-oktyabr kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi va 19:00da boshlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101415 | Инструменты