2019-yilning 11-oyi davomida ma'muriy sudlar tomonidan hokimlarning 1165 ta qonunga zid qarorlari bekor qilindi
Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 dekabrdagi yig'ilishida «Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish bo'yicha sud amaliyoti haqida»gi qaror loyihasi muhokama etilib, qabul qilindi. Xo'sh, ushbu Plenum qarorini qabul qilishda amalda qanday zarurat bor edi? Qarorda sudlar uchun qanday tushuntirishlar o'z ifodasini topgan?
Bu savollarga javob tariqasida shuni aytish kerakki, 2018 yilda ma'muriy sudlar tomonidan ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to'g'risidagi 16 ming 52 ta ish ko'rilgan bo'lsa, 2019 yilning 11 oyida bu ko'rsatkich 14 ming 784 tani tashkil etgan.
Mazkur toifadagi ishlarning 10 mingdan ziyodi qanoatlantirilgan bo'lsa, 3 mingdan ortig'ini qanoatlantirish rad etilgan. 469 tasi ko'rmasdan qoldirilgan, Mingdan ziyodrog'i bo'yicha esa, ish yuritish tugatilgan.
2019 yilning 11 oyi davomida ko'rilgan ishlarning 7 ming 528 tasi ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlarini haqiqiy emas, deb topish to'g'risidagi ishlar bo'lsa, 7 ming 256 tasi ma'muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni qonunga xilof, deb topish to'g'risidagi ishlar tashkil etgan.
Bularning 6 ming 480 tasini Moliya vazirligi tizimiga kiruvchi organlar va 4 ming 913 tasini mahalliy hokimliklar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan kelib tushgan shikoyatlar (arizalar) bo'yicha ko'rilgan ishlar tashkil qildi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, 2019 yilning 11 oyi davomida ma'muriy sudlar tomonidan davlat organlari, shu jumladan, hokimlarning 1165 ta qonunga zid qarorlari bekor qilinib, fuqarolarning huquqlari tiklandi.
Statistik ma'lumotlardan ko'rinishicha, ushbu toifada ko'rilgan ishlarning soni yildan-yilga oshib bormoqda. Shu sababli, ushbu toifadagi ishlarni ko'rishda amaldagi qonun normalari turlicha qo'llanilishining oldini olish, manfaatdor shaxslarning huquq va erkinliklari, qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarining to'laqonli himoya qilinishiga erishish maqsadida, yangi Plenum qarori qabul qilish zarurati vujudga keldi. Bu holat inobatga olinib, ishchi guruhi tomonidan «Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish bo'yicha sud amaliyoti haqida»gi qaror loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Plenum qarorida nazarda tutilgan tushuntirishlar ma'muriy sudlar tomonidan davlat organlari yoki ular mansabdor shaxslarining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan berilgan shikoyatlar bo'yicha ishlarni ko'rishda qonun normalarini aniq va bir xilda qo'llashga qaratilgan.
Xususan, Plenum qarorining 2-bandida sud amaliyotida qonun hujjatlari turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida, ma'muriy organlar tushunchasiga izoh berilgan. Jumladan, ma'muriy organlar deganda, davlat boshqaruv organlari (O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Respublika davlat boshqaruvi organlari ro'yxatida ko'rsatilgan vazirliklar, davlat qo'mitalari, agentliklar, qo'mitalar, markazlar, inspeksiyalar) va ularning hududiy organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, shuningdek, boshqa organlar va ma'muriy-boshqaruv vakolati berilgan maxsus tashkil etilgan komissiyalar tushunilishi bayon etildi.
Shuningdek, qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning o'zi kimligiga aniqlik kiritish maqsadida, qarorda mansabdor shaxs tushunchasiga ham tushuntirish berildi.
Xususan, Plenum qarorining 3-bandida ma'muriy organlarning mansabdor shaxslari deganda, hokimiyat vakili vazifasini bajaradigan yoxud mazkur organlarda ma'muriy-boshqaruv (ma'muriy — xo'jalik) vazifasini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxslar tushunilishi ko'rsatilgan.
Qarorning 4-bandida o'zining buzilgan huquqlari himoya qilinishini ta'minlash maqsadida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega bo'lgan manfaatdor shaxs tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko'ra, manfaatdor shaxs deganda, ma'muriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsi harakati (harakatsizligi) qaratilgan fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud qaror, harakat (harakatsizlik) huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan boshqa shaxs tushunilishi belgilab qo'yildi.
Qarorning 5-bandida manfaatdor shaxslar haqiqiy emas, deb topishni so'rayotgan qarorlar sirasiga qanday hujjatlar kirishi va ularning shakli yuzasidan tushuntirishlar berildi. Unga ko'ra, qarorlar deganda, yakka tartibda va hay'at tomonidan qabul qilingan ma'muriy organlarning hujjatlari, ta'sir choralari mavjud bo'lgan, ommaviy huquqni vujudga keltirish, o'zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan hamda alohida jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar yoxud muayyan individual belgilarga ko'ra, ajralib turuvchi shaxslar guruhiga ma'lum bir huquqiy oqibatlarni vujudga keltiruvchi qarorlar tarkibiga ma'muriy organlarning, ular mansabdor shaxslarining shaxsan yoki jamoaviy ravishda qabul qilinadigan, ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni yaratishga, o'zgartirishga yoki tugatishga qaratilgan hamda ayrim jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar yoxud ayrim individual belgilarga ko'ra, ajralib turuvchi shaxslar guruhiga ta'sir choralarini o'z ichiga oluvchi hujjatlar kiradi. Bunda qarorlar ham belgilangan shaklda (misol uchun joylarda ijro hokimiyati organlarining qarorlari), ham ixtiyoriy shaklda (misol uchun mansabdor shaxsning fuqaroning murojaatini qanoatlantirishni rad etish to'g'risidagi yozma xati) qabul qilinishi mumkinligi tushuntirildi.
Qarorning 6-bandida mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va harakatsizligi deganda, nima tushunilishi aniqlashtirildi.
Xususan, unga ko'ra, ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksning 23-bobiga ko'ra, qayd etilgan organlar va ular mansabdor shaxslarining qaror shaklida bo'lmasa ham, manfaatdor shaxslarning huquqlari va erkinliklarini buzilishiga olib keladigan yoxud huquqlarini amalga oshirishga to'sqinlik qiladigan yuridik ahamiyatga ega qarorlari kirishi, harakatsizlik deganda esa, ma'muriy organ, uning mansabdor shaxsi zimmasiga ushbu organlar va mansabdor shaxslarning vakolatlarini belgilovchi normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar (lavozim yo'riqnomalari, nizomlar, qoidalar, buyruqlar) bilan yuklangan majburiyatni bajarmaslik kirishi haqida batafsil tushuntirish berildi.
Plenum qarorining 11-bandida ma'muriy organning yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan alohida bo'linmasiga nisbatan shikoyat keltirilganda, sud tomonidan qanday harakatlar amalga oshirilishi lozimligi bilan bog'liq tushuntirish berildi. Unga ko'ra, ma'muriy organning yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan alohida bo'linmasiga nisbatan shikoyat keltirilganda, sud Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksning 42-moddasi qoidalariga binoan, tegishli organni javobgar sifatida jalb qilish to'g'risidagi masalani hal qilishi, agar ish mazmunan ko'rib chiqilgunga qadar ma'muriy organ qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan bo'lsa, sud uning huquqiy vorisini yoxud arizachining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega tashkilotni ishda ishtirok etish uchun jalb etishi, agar ish ko'rib chiqilayotgan vaqtda qarorlari yoki harakatlari (harakatsizliklari) bo'yicha shikoyat qilingan shaxs mansabdor shaxs bo'lmasa, sud ushbu lavozimni egallab turgan shaxsni yoxud arizachining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega tegishli tashkilotni ishda ishtirok etish uchun jalb qilishi ko'rsatilgan.
Bundan tashqari Plenum qarorida sudga ariza bilan murojaat qilish muddati o'tkazib yuborilganining sabablari aniq qilib belgilab qo'yildi.
Chunonchi, Plenum qarorining 19-bandiga ko'ra, sud har bir ish bo'yicha arizachi tomonidan sudga murojaat qilishda qonuniy muddatga rioya qilinganligini aniqlashi kerak. Agar bu muddatlar buzilgan bo'lsa, manfaatdor shaxs murojaat qilgan-qilmaganligidan qat'i nazar, muddatlarni o'tkazib yuborish sabablari muhokama qilinishi talab etiladi.
Sudga murojaat qilish muddati: arizachi huquqlari va qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarining buzilganligi; huquqlari, erkinliklarini amalga oshirishga va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarishga to'siqlar vujudga keltirilganligi; zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklanganidan xabar topgan kunning ertasidan boshlanadi.
Plenum qarorining 25-bandida sud qarorlarining ijrosi yuzasidan sudlarning o'zi nazorat olib borishi va qarorlar ijro etilgani to'g'risida ijro organining ma'lumotnomalari mavjud bo'lmaganda, ularni talab qilib olish zarurligi belgilab qo'yildi. Unga ko'ra, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksning 276-moddasi ikkinchi qismiga asosan, sud hujjatining ijrosi hal qiluv qarori (qaror) asosida belgilanganligi sababli, qonunda yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bartaraf etish to'g'risida sud qarorini yuborish haqidagi kuzatuv xatida, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksning 189-moddasi beshinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilishni ko'rsatish lozim.
Sudlar qaror ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishi, uning ijrosi haqida ma'lumot mavjud bo'lmagan taqdirda, tegishli tartibda talab qilib olishi zarur.
Shu o'rinda aytib o'tish kerakki, ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish va mazkur toifadagi ishlarni ko'rib chiqishda qo'llaniladigan qonun normalariga tushuntirish berilishi ushbu toifadagi ishlarning sifatli ko'rib chiqish, bu borada yagona sud amaliyoti shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Plenum qarori jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining huquq va erkinliklari, qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarining sudlarda to'laqonli himoya qilinishida zarur huquqiy asos vazifasini o'taydi.
Shahnoza AXATOVA,
O'zbekiston Respublikasi
Oliy sudi sudyasi
Alpha version: 0.9.1.19 build 90410 | Инструменты