Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Quyi palata Spikeri Qonunchilik palatasida o‘tgan haftada muhim tadbirlar xususida to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisidagi, shuningdek Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlab 20-noyabrda o‘tkazilgan majlisidagi ma’ruzalarida bayon etilgan takliflar bo‘yicha barcha fraksiyalar tomonidan o‘tkazilgan majlislarda bildirilgan fikr-mulohazalarning muhimligini alohida ta’kidladi.
Spiker yana o‘z so‘zida Prezident mazkur ma’ruzalarida hokimiyatning vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari sifatini yuqori baholab, siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarida bayon etilgan qator tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaganligini va siyosiy partiyalar fraksiyalari bu tashabbuslarni birinchi galdagi vazifalar sifatida belgilab, ularning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlashi zarurligini qayd etdi.
Quyi palata Spikerining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Prezidentining mazkur ma’ruzalari parlament a’zolariga taqdim etilgan juda boy va qimmatli dasturiy hujjat sifatida qadrlidir. Ushbu hujjatlar fraksiyalar va Qonunchilik palatasi ishi bilan bog‘liq dasturlarning dolzarbligini hamda quyi palata faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Spiker Prezident Shavkat Mirziyoyevning: “Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir” – deb ta’rif berganiga alohida urg‘u berdi.
Prezidentning “Deputatning ovozi – bu xalq ovozi ekanini hech qachon unutmasligimiz zarur. Yurt taqdiriga daxldor har bir masalaga yondashuvda, avvalo, sizlarga ishongan, sizlarga o‘z nomidan qonun qabul qilish, qaror chiqarish huquqini bergan mehnatkash, bag‘rikeng va olijanob xalqimizni ko‘z oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarning tinchligi va baxt-saodatini o‘ylab ish tutsangiz, el-yurtimiz ham rozi bo‘ladi”, degan murojaatini yana bir bor yodga olib, deputatlarni yanada samarali ishlashga da’vat etdi.
Spiker majlis davomida 28-noyabrda meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va uni eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga to‘xtaldi. Mamlakatimiz Prezidenti yig‘ilishda oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surganligiga, unda Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar hamda tegishli qo‘mitalar rahbarlari ham ishtirok etganligi quyi palataning mazkur sohadagi aniq vazifalarini belgilab olishda hamda bu borada parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Bundan tashqari Qonunchilik palatasi Spikeri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-noyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xususida so‘z yuritib, ushbu hujjat nuroniylar vakillarining bilim va tajribasidan foydalanish orqali oilalarni kambag‘allikdan chiqarish tizimida yana bir ta’sirchan mexanizm yaratish uchun asos bo‘lganligini ta’kidladi. Deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatida faol nuroniylardan iborat muhim hamkor paydo bo‘lganligini, bu esa deputatlarning saylov okruglardagi ishini yanada samarali yo‘lga qo‘yishga, odamlarni bezovta qilayotgan muammolar to‘g‘risida to‘liq va haqqoniy axborot olishga imkoniyat yaratishini e’tirof etdi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov mamlakatning muhim moliyaviy hujjati – Davlat budjetining qabul qilinishi muhim ahamiyatga molik ekanligini ta’kidlab, bu borada hukumat va Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan katta ishlar amalga oshirilganligiga e’tibor qaratdi.
“Prezidentimiz bizni doimo Davlat budjetining tejamkor va barqaror bo‘lishini ta’minlashga chaqiradi. Shu sababli rejalashtirilayotgan davlat xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan muhim ishlar amalga oshirildi. Ortiqcha moliyaviy mablag‘lar ajratilishi hollariga chek qo‘yildi. Rejalashtirilayotgan daromadlarning tarkibi, ularning milliy va jahon iqtisodiyotidagi turli salbiy omillarga nisbatan bardoshliligi batafsil o‘rganildi. Hukumat “xalqning har bir so‘mi”ni samarali tarzda sarf etish vazifasini amalga oshirishi, parlament esa buning ustidan samarali va ta’sirchan nazoratni ta’minlashi kerak”, - deb ta’kidladi Spiker.
U, shuningdek Davlat budjeti birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligini, qabul qilinayotgan hujjatning rejali ko‘rsatkichlari orqali uncha katta bo‘lmagan inflyatsiya va budjet taqchilligida makroiqtisodiy muvozanatni hamda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish ta’minlanganligini ko‘rsatib o‘tdi.
“Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Qonunchilik palatasidagi nutqida iqtisodiyotning va aholi daromadlarining o‘sishini ta’minlash zaruriyati ustuvor maqsadlarimiz ekanligini e’lon qildi. Budjetning qabul qilinishi mazkur vazifalarni to‘liq ravishda bajarish, davlatning barcha ijtimoiy majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini yaratadi, shuningdek O‘zbekiston fuqarolarining turmush sifatini yaxshilashga yordam beradi”, - deya alohida qayd etdi Spiker.
Quyi palata Spikerining so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil uchun budjet xarajatlari qariyb 345 trln. so‘mni tashkil etib, ushbu xarajatlarning 52 foizi yoki 178 trln. so‘mi (joriy yilga nisbatan 23 trln. so‘mga ko‘p) ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.
Budjet loyihasida Prezidentning kambag‘allikni qisqartirish, bandlikka ko‘maklashish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha topshirig‘ini bajarish uchun zarur vositalar ham nazarda tutilgan.
Budjetning manzilliligi va aniq maqsadga yo‘naltirilganligi tobora oshib bormoqda. Pensionerlar, imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan shaxslar ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar sifatida qamrab olinmoqda. Budjetda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Yoshlar budjeti” uchun, ya’ni yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish, yoshlarni o‘qitish va ularning har tomonlama kamol topishini ta’minlash uchun budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar 1,6 trln. so‘mdan ko‘pini tashkil etmoqda.
Prezident tashabbusi bilan keyingi yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Qabul qilinayotgan budjet bu borada belgilangan vazifalarga to‘la mos keladi.
Budjet loyihasida energiya samaradorligini oshirish, barqaror iste’molni va ishlab chiqarishni targ‘ib qilish, atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashish kabi muhim masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishi bo‘yicha aniq maqsadlar nazarda tutilmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun kelgusi yilda 3 trln 480 mlrd so‘mlik mablag‘ ajratilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120500 | Инструменты