“Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni dastlabki tarzda ko'rib chiqildi
Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasining ishchi guruh yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda yalpi majlisda muhokama etilishi nazarda tutilgan “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni ko'rib chiqildi.
So'zga chiqqanlar ta'kidlaganidek, aholini ro'yxatga olishni qonun yo'li bilan tartibga solishdan maqsad demografik, ijtimoiy-iqtisodiy statistik ma'lumotlarni shakllantirish va kelgusida ulardan milliy, mintaqaviy hamda xalqaro miqyosda foydalanishdan iborat.
Aholini ro'yxatga olish uning sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, anik belgilab qo'yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti darajasi, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarni aniqlash imkonini beradi. Shu boisdan ushbu usul rasmiy statistika tizimida asosiy o'rin tutadi.
Shu jihatdan Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi doirasida ko'rib chiqiladigan mazkur qonun ro'yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish tamoyillari, tashkiliy uslublarini aniqlash, qayta ishlash, umumlashtirish, uning natijalaridan foydalanish va tarqatish, aholini ruyxatga olish sub'ektlari o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun huquqiy asos yaratadi.
Yig'ilishda ishtirok etgan Senat a'zolari va ekspertlar qonunning qabul qilinishi aholi tarkibidagi global o'zgarishlarni baholash imkonini berishini qayd etdilar.
Shuningdek, qonun aholi sog'lig'ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha maqsadli chora-tadbirlarini ishlab chiqishning me'yoriy-huquqiy negizini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Qolaversa, u aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo'yicha qisqa, o'rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirishni ham ta'minlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120322 | Инструменты