Huawei 1
Bu yilgi saylov byulletenlari mutlaqo yangi shaklda tasdiqlandi

Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, bu yilgi saylovlardagi byulletenlar mutlaqo yangi shaklda tasdiqlandi. Ushbu saylov byulletenlarining ixchamligi byulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 milliard so‘mgacha iqtisod qilish imkonini bermoqda. 

— Saylov kodeksining 31-moddasiga ko‘ra, saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi, — dedi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Bahodirjon Yunusov. — Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan. Har bir saylov turi uchun byulletenlarning rangi ham turlicha. Yaʼni, Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och ko‘k rangda, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och kulrang rangda qilib belgilandi.  

Xuddi shu tartibda ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalar ham saylov byulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etiladi. Ushbu holatda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmlari xronometraj qilinganda uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi qisqargani kuzatildi. 

Jumladan, avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashgan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov byulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika bo‘yicha esa komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi.  

Natijada avvalgi saylovlardagi uchastka saylov komissiyalarining o‘rtacha 11 nafar aʼzolari sonini joriy yilda o‘rtacha 10 nafargacha, yaʼni respublika bo‘yicha 2,1 ming nafargacha kamaytirishga hamda ular uchun sarflanadigan 2 milliard so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha xarajatlar ham iqtisod qilinishiga erishilmoqda.   

Shu bilan birga, saylov byulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratib, byulletenlarni bir-biridan ajratib olish va ularni to‘ldirish jarayonlarini yana-da osonlashtiradi.  

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.  

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritilishi belgilab berildi.  

Jumladan, birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, ikkinchi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, beshinchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.  

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli va matni namunasi ham tasdiqlandi. Saylov byulletenlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga muvofiq saylov okrugi (hudud) bo‘yicha saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi. 

Shuningdek, muddatdan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun saylov byulletenlarini yetkazib berish, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalariga saylov byulletenlarini yetkazib berish masalalari ham ko‘rib chiqildi.  

Yakunda yig‘ilish kun tartibidagi masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91903 | Инструменты