Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan sohalarda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq imkoniyatlar va o‘zaro manfaatlarni o‘rganishga qaratilgan.
Xususan, memorandum ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishi natijalarini yumshatish va moslashish sohasida tajriba, axborot, eng yaxshi amaliyot va zamonaviy texnologiyalar bilan almashish, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, bu borada salohiyatni oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish va bilim almashishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘xshash agroiqlimiy sharoitlarga ega bo'lgan boshqa mamlakatlarda iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslarni boshqarish bilan bo‘g‘liq qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq tadqiqot va ilmiy izlanishlar natijalarini almashish, tadqiqot institutlari o‘rtasida ilmiy aloqalar, hamkorlik shartnomalari va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar (AR4D) loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ham maqsad qilingan.
Bundan tashqari, memorandum doirasida sohada faoliyat yuritadigan ayollarning yetakchilik salohiyatini oshirish, tadqiqot ishlarini olib borish ko‘nikmalarini o‘rgatish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog'liq qarorlarni qabul qilish jarayonlariga jalb etish, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish hamda boshqa muhim sohalarda hamkorlik qilishni o‘z ichiga oladi.
Memorandum besh yilga mo‘ljallangan va avtomatik tarzda uch yil davomida keyingi muddatlarga uzaytiriladi.
Muzokaralar doirasida Oʻzbekistonda ICBA vakolatxonasini ochish boʻyicha chora-tadbirlarni tezlashtirish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11718 | Инструменты