Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda.
Yig‘ilishda vazirlar va hokimlar tizim tashkilotlari tomonidan ekilgan ko‘chatlarning unib-o‘sishi va to‘g‘ri parvarish qilinishiga alohida eʼtibor berishi lozimligi taʼkidlandi.
Yana bir muhim masala – so‘nggi vaqtlarda daryolar, tabiiy suv havzalarida elektr bilan baliq ovlash ko‘payib ketayotganiga eʼtibor qaratildi. Bu yilning o‘zida 39 ta holatda elektr bilan, 436 ta to‘r bilan noqonuniy baliq ovlash aniqlangan.
Mutasaddilarga bu borada taʼsirchan nazorat o‘rnatib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi. Brakonyerlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilindi.
Hududlarda obodonlashtirish, tozalikni taʼminlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Har bir viloyatdagi 2 tadan, jami 26 ta tumanda tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladi.
Bunda, tadbirkorlar o‘ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko‘chalarni yoritish bilan birga chiqindilarni olib ketish bilan ham shug‘ullanadi. Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar tumandagi umumiy obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi va shunga yarasha haq oladi.
Yil yakunigacha yangi tajribani sinovdan o‘tkazib, 2025 yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110804 | Инструменты