Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilning o‘zida 2 milliard kub metr suv tejaldi. 50 dan ortiq mahalliy korxona bunday texnologiyalarni o‘zimizda chiqarayapti.
Shunday bo‘lsa-da, tomchilab sug‘orish joriy qilindi, deb hisobot berilgan barcha dalalarda ham bu tizim ishlamayapti. Qoraqalpog‘istonda esa lazerli tekislashga 10 milliard so‘m subsidiya berilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ ishlatilmasdan qolmoqda.
Masʼul idoralarga lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Qoraqalpog‘istonda mavjud lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham joriy etiladi.
Umuman, kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar uchun 700 milliard so‘m subsidiya, 2,5 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilandi.
Yana bir muhim masala – bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatish lozim.
Masalan, Qo‘shrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi.
Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.
Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash imkoni bor.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.
Prezident suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish ekanini taʼkidladi.
Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan maʼlumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q.
Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv isteʼmoli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.
Hozirda suv solig‘idan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.
Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum byudjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini taʼminlash topshirildi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilarining hisobotlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlarining takliflari tinglandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110721 | Инструменты