Eronning AQSH prezidenti ma’muriyati bilan o‘zaro aloqalari bo‘yicha “achchiq tajriba” bor, ammo Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylovlari noto‘g‘ri yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish uchun imkoniyatdir. Bu haqda Eron TIV matbuot kotibi Esmoil Bag‘ay ma’lum qildi.
“AQSH prezidentini tanlash uchun mas’uliyat xalq zimmasida. Endi xalq o‘z tanlovini qildi”, dedi Bag‘ay IRNA bilan suhbatda.
Uning ta’kidlashicha, “ushbu saylovlar o‘tmishda qo‘llanilgan noto‘g‘ri yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish uchun imkoniyatdir”.
Bir kun avval Eron hukumati matbuot kotibi Fotime Mohajeraniy Tehronni AQSHning keyingi prezidenti kim bo‘lishi qiziqtirmasligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika maʼmuriyatining o‘zgarishi natijasida Eronda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi.
Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati (2017–2021) davrida AQSH Eron bilan yadroviy kelishuvni bekor qilgan edi. Keyinchalik Tramp buni muhim qaror deb atagan, shuningdek, Islom Respublikasiga qarshi sanksiyalar joriy etgan.
2024-yilda prezidentlikka nomzod bo‘lgan Tramp Eron unga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi gumon tufayli xavfsizlikni kuchaytirishga qaror qilgan. Eron rasmiylari barcha ayblovlarni rad etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110800 | Инструменты