Huawei 1
Islomobodda SHHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi

Islomobod shahrida 15-16-oktabr kunlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 16 oktabr kuni mazkur sammitda ishtirok etdi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Moxammad Atabak, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamda SHHT Bosh kotibi Chjan Min va tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.

Kuzatuvchi mamlakat va faxriy mehmon sifatida Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Denis Trefilov, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash bosh kotibi o‘rinbosari Chjan Lin ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar xalqaro vaziyat keskinlashayotgani, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch susayayotgani, qarama-qarshilik va raqobat kuchayayotgani, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi tahdidlar natijasida geosiyosiy keskinlik vujudga kelayotganiga e’tibor qaratishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev SHHTning Ostona sammitida so‘zlagan nutqida ushbu masalaga to‘xtalib “Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi”, deya ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri mamlakatlarimiz ulkan iqtisodiy salohiyatga ega ekanini inobatga olib, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tashkilot makonida ko‘ptomonlama sheriklik mustahkamlanishini ta’minlash mumkinligini qayd etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ilgari surgan taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlashtirish, fitosanitariya hamda veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

O‘zaro investitsiyalarni, birinchi navbatda, infratuzilma, yuqori texnologiyali sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tayyorlash, samarali ishbilarmonlik muloqoti platformasini yaratish maqsadida har yili SHHT EXPO xalqaro sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish taklif etildi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on yo‘lagini qurish bo‘yicha loyihalar alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda “yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Xususan, har yili taxminan 2 GVt quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish quvvati joriy qilinmoqda. “Yashil” vodorodni sanoatda ishlab chiqarish loyihasi ustida amaliy ishlar boshlandi.

Kam uglerodli rivojlanishga o‘tish tendensiyasini hisobga olgan holda, mamlakatlarimiz energetika vazirliklariga qayta tiklanadigan energiya manbalariga investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Majlisda IT sohasi va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda samarali hamkorlik qilish, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlash singari masalalar yuzasidan ham atroflicha mulohazalar bildirildi.

Majlis so‘nggida qator hujjatlar imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101620 | Инструменты