Huawei 1
Misr O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari uchun noyob adabiyot va darsliklarni taqdim qildi

Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti, Arab davlatlari ligasi va "Al-Azhar" diniy majmuasi kutubxonasi fondidan 500 dan ziyod noyob adabiyot va darsliklar O'zbekiston elchixonasiga topshirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Diplomatik tadqiqotlar instituti tomonidan ingliz va arab tillarida taqdim etilgan kitoblar zamonaviy diplomatiya, siyosat, iqtisod, falsafa, Yaqin Sharqdagi jarayonlar, mintaqadagi davlatlar tarixi va ko'p yillik muammolarni hal qilish istiqbollari kabi mavzularni qamrab olgan.

Shuningdek, musulmon olamidagi eng qadimiy va eng nufuzli oliygohlardan hisoblangan "Al-Azhar ash-Sharif" diniy majmuasi esa "Al-Azhar" universitetida talabalarga o'qitiladigan qimmatli adabiyotlar, muqaddas Islom dini va ma'naviyatga chorlovchi qo'llanmalarni taqdim etdi.

Mazkur jamlanma holidagi kitoblar "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining "Sharm ash-Shayx–Toshkent" yo'nalishidagi aviaqatnovi orqali mamlakatimizga yetkazildi.

Ushbu kitoblar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uning huzuridagi Diplomatik akademiya va O'zbekiston xalqaro islom akademiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan.

Mazkur qadam O'zbekiston va Misr oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi keng ko'lamli hamkorlikning kichik bir misoli bo'lib, so'nggi yillarda talabalar va o'qituvchi almashish, o'zaro malaka oshirish bo'yicha ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar yo'nalishda ham aloqalar kengayishi ikki davlat xalqlari o'rtasidagi tarixan mustahkam hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101621 | Инструменты