Huawei 1
Kelgusi yilda 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlandi

Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi va tadbirkorlar bilan muloqoti bo'lib o'tmoqda.

Yig‘ilishda ichki bozor bilan cheklanmasdan, eksportni yana-da ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Salohiyati yuqori bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarda imkoniyatlar to‘liq ishlatilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 50 foiz bo‘lsa, xom ipakda – 75 foiz, misda – 64 foiz, meva-sabzavotda esa 16 foizni tashkil qilmoqda.

Mamlakatimizdagi 1 mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjud. Tasdiqlangan zaxiralar qariyb 1 trillion dollarga baholangan.

Yildan yilga qazib olish ko‘paymoqda. Lekin sanoatda yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushi 25 foiz.

Shu bois Prezidentimiz xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat va eksportni keskin oshirishga chaqirdi.

Mutasaddilarga tarmoqlar bilan birgalikda har bir xomashyo kesimida chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tadbirkorlar meva-sabzavotni asosan tomorqadan olayotgani uchun eksportga bir turdagi mahsulotni uzluksiz va sifatli yetkazib berishga qiynalmoqda. Shuning hisobiga eksportdan tushum ham past.

Kelgusi yilda 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.

Shu bois, 1 million gektar meva-sabzavot yerlari 760 ta urug‘ beruvchi va 824 ta eksportchi korxonaga bog‘landi.

Shuningdek, Toshkent viloyati va Namanganda yangi tajriba boshlanmoqda. Bunda paxta-g‘alladan qisqaradigan yerlar 50 gektargacha yirik lotlarda auksionga qo‘yilib, sanoatlashgan plantatsiya qilish uchun professional investorlarga sotiladi.

Bu yerlardagi 20 sotixgacha maydonda “shok” usulida muzlatkich, kalibrovka va qadoqlash sexlari qurishga ruxsat beriladi.

Yetishtirilgan meva-sabzavotni qayta ishlash uchun xarid qilingan uskunalarga 1 milliard so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122020 | Инструменты