Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi va tadbirkorlar bilan muloqot boshlandi.
“Keng ko‘lamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim taʼkidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam.
Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart”, - dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.
Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularni dardi bilan yashashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi aʼzolari davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aniq takliflarni o‘rtaga qo‘yib kelayotgani alohida taʼkidlandi. Natijada joriy yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
Prezident kengash aʼzolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga ana shunday faollik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda pul ko‘paygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishning mustahkam asosi yaratilgani taʼkidlandi.
Jumladan, korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trillion so‘mga oshib, 107 trillion so‘mga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trillion so‘mga ko‘payib, 105 trillion so‘m bo‘ldi.
Bu banklarimiz barqaror rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlarimiz ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani taʼkidlandi.
Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion so‘mni tashkil qiladi. 2025 yilda bu 300 trillion so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingan.
Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trillion so‘mga yetkaziladi.
Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib banklarimiz 2025 yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 milliard dollar jalb qilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122019 | Инструменты