Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi va tadbirkorlar bilan muloqoti bo'lib o'tmoqda.
Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish reja qilinmoqda.
Shu yilning o‘zida xususiy sektorda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 365 mingga ko‘paydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini ko‘paytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.
Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million so‘mdan kam qilib ko‘rsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani taʼkidlandi. Bu asosan to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.
Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.
Masalan, to‘qimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million so‘m oylik to‘laydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.
Bunday korxonalarning foyda solig‘i ham, ishchisini daromad solig‘i ham 1 foiz bo‘ladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi.
Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor.
Yirik davlat kompaniyalari transformatsiyadan o‘tib, tashqi moliya bozoriga chiqmoqda.
Endi tadbirkorlar ham banklar beradigan kredit bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil resurs jalb qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Eng muhimi, xalqaro moliya tashkilotlari bu borada yaqindan hamkorlik qilishga tayyor turibdi.
Savdo-sanoat palatasi xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochishi muhimligi qayd etildi.
Bu orqali kelgusi yilning o‘zida kamida 100 ta mahalliy kompaniya xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga o‘rgatiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122021 | Инструменты