Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda yuqori palataning avvalgi tarkibi munosib hissa qo‘shgani taʼkidlandi.
Ayniqsa, ayollar huquqlarini ishonchli taʼminlash, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik ko‘rsatdi.
Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitildi, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritildi.
Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetdi.
Senat Osiyo xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi. Parlamentlararo Ittifoqning 150- assambleyasi, yaʼni yubiley anjumani kelgusi yili poytaxtimizda o‘tkazilishi ham alohida eʼtiborga loyiq.
Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash bo‘yicha ilk bor ijobiy amaliyot yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning aʼzolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi.
Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va masʼuliyati bir necha barobar oshdi.
Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi.
Ilgari senatorlar nazorat tadbirlarida yoki saylovchilar bilan uchrashuvlarda qonunlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vakolatga ega emas edi. Yangilangan Konstitutsiyada Senatga qonunchilik taklifini kiritish huquqi berilishi bilan masala o‘z yechimini topdi.
Prezident yangi saylangan senatorlarimiz endi bu jarayonlarda faol bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111913 | Инструменты