Prezidentning tegishli qarori bilan Nuʼmon Muxammadiyev adliya vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Nuʼmon Muxammadiyev 1982-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2003-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 2024-yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Mehnat faoliyatini 2004-yilda Adliya vazirligi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi katta maslahatchi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada yetakchi va bosh maslahatchi boʻlgan. 2009–2013-yillarda Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.
2016–2023-yillarda Adliya vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Shu jumladan, Adliya vazirligi Davlat xizmatlari koʻrsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshligʻi hamda Davlat xizmatlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
Tayinlovga qadar (2023-yildan) Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31822 | Инструменты