Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Yuqori palata o‘z faoliyatida to‘liq ishga solishi mumkin bo‘lgan imkoniyat va yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Konstitutsiyada Senat hududiy vakillik palatasi ekani belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, oldingi chaqiriqda Senat mahalliy kengashlar bilan muloqot va hamkorlik borasida faqat dastlabki qadamlarni qo‘ydi.
Masalan, mahalliy kengashlar 15 dan ortiq masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lsa-da, ularni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash bo‘yicha yagona tartib haligacha ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, mahalliy kengashlarning eng yaxshi tajribalarini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, namunali kengashlarni eʼtirof etish ham yo‘lga qo‘yilsa, ishning samarasi yana-da oshishi taʼkidlandi.
Asosiy qonunimizga muvofiq, Senat 10 dan ziyod yuqori martabali mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitadi. Lekin, hisobotlar ko‘p hollarda chuqur tahlillar o‘tkazmasdan ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi.
So‘nggi yillarda keng ko‘lamli demokratik islohotlar tufayli O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda.
Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi bo‘yicha 8, elektron hukumat bo‘yicha 18, iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 49, logistika va innovatsiya bo‘yicha 10 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
Bunday muhim yutuqlarni eʼtirof etgan holda, ayni vaqtda bu yo‘nalishlarda hali yana ko‘p ish qilinishi zarurligi taʼkidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston nufuzli xalqaro minbarlardan katta-katta tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ularning mazmun-mohiyatini xalqimizga, xorijiy va mahalliy ekspertlarga yetkazishda senatorlarimiz faol bo‘lishlari lozim. Ammo, afsuski, ularning bu boradagi roli yetarli darajada sezilmayotgani qayd etildi.
Yuqori palataning yangi tarkibi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashiga umid bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111913 | Инструменты