17-sentyabr kuni Namangan shahrida o‘tayotgan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot rahbari forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklab, ITB O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish borasidagi vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshib, bugungi kunda transport, infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan. Shu bilan birga, investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.
Davlatimiz rahbari ITB bilan loyihalar portfelini ikki barobar ko‘paytirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadigan uzoq muddatli Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Xususiy biznes salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimiz hududlarida zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya kanallarini tiklash va betonlash hamda boshqa yo‘nalishlarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91717 | Инструменты