Ular bu ishi uchun Jinoyat Kodeksida belgilangan tartibda 20 yilgacha qamalishi mumkin
DXX Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda kvartirasida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX Telegram-kanalida ma'lum qilindi.
Gap shundaki, Chirchiq shahridagi "do'm"lardan birida 4 yigit ijarada yashab, giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan.
Yoshi 24 dan 26 gacha bo'lgan bu yigitla xorijlik kuratorlari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan yetkazib berilgan “gashish moyi” va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, “gashish” giyohvandlik vositasini tayyorlashgan.
Xonadon tekshirilganda, taxminiy og‘irligi 400 gr bo‘lgan “gashish”, 5 kg yarim tayyor mahsulot, narkotiklarni quritish uchun mo‘ljallangan elektr pech, mikser, qo‘lqoplar, himoya vositalari, tarozi va yelim idishlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ushbu shaxslarning 1 nafari muqaddam Rossiyaga, 2 nafari esa Vyetnam va Tailandga borib, laboratoriya sharoitida narkotik moddalar tayyorlash bilan shug‘ullanishgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 276¹-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92211 | Инструменты