Huawei 1
O‘zbekiston prezidenti rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif doirasida Kuala-Lumpur shahrida Bosh vazir Anvar Ibrohim bilan ikki tomonlama muzokaralar, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, qo‘shma biznes forumi va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Malayziya do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, "yashil" energetika, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Yetakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham ko‘rib chiqadilar.

Sammit yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot va salmoqli bitimlar to‘plami qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, tashrif arafasida Malayziyada bir qator muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot tuzilmalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yaqin kunlarda O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, ikki mamlakat yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20214 | Инструменты