Huawei 1
O‘zbekiston TIVga Yaponiya elchisi Xatori Takashi tashrif buyurdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga bugun, 9-avgust kuni Yaponiya elchisi Xatori Takashi tashrif buyurdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Elchi Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishidaning 10—11-avgust kunlariga mo‘ljallangan O‘zbekistonga tashrifi qoldirilgani haqidagi rasmiy notani topshirdi.

“8-avgust kuni kechqurun Miyadzaki prefekturasi qirg‘oqlarida 7,1 magnitudadan ortiq zilzila sodir bo‘ldi, shundan so‘ng mavjud vaziyat jiddiyligidan kelib chiqib, favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Yaponiya meteorologiya xizmati birinchi marta yirik zilzila ehtimoli oshishi haqida ogohlantirdi. Yaponiya hukumati zararning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish uchun tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi”, deydi elchi “Dunyo” AAga bergan intervyusida.

Taʼkidlanishicha, bir hafta ichida magnitudasi 6 baldan yuqori bo‘lgan zilzila sodir bo‘lish ehtimoli oshgan, bunga qarshi Yaponiya hukumati yetkazilgan zararlar haqida maʼlumot to‘plashni davom ettirmoqda va zudlik bilan zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirish darajasini oshirmoqda.

Mazkur favqulodda vaziyatda bosh vazir Fumio Kishida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammitini va O‘zbekistonga tashrifini keyinga qoldirishga majbur bo‘ldi. Qaror inqirozni boshqarish va inqirozga qarshi choralarni taʼminlash uchun qabul qilindi. Hozirgi favqulodda vaziyatni hisobga olsak, bu juda qiyin qaror. Yaponiya tomoni O‘zbekiston tomonining tushunishiga umid qilmoqda.

Elchi Yaponiya hukumatining Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlashga bo‘lgan kuchli istagi o‘zgarishsiz qolayotganini ham alohida taʼkidladi.

Yaponiya tomoni tashrifni kechiktirishga majbur qilingan qarordan chuqur afsusda ekanini bildirib, O‘zbekistonga tashrifni imkon qadar tezroq amalga oshirish niyatini bildiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91012 | Инструменты