Huawei 1
Afg‘onistonlik 160 nafar ayol O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlarida o‘qitiladi

9 sentyabr kuni Qatar davlati poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning "Taʼlim har narsadan ustun" ("Education Above All") fondi o‘rtasida afg‘on ayollarini O‘zbekistonda tibbiyot sohasida o‘qitishni tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi. Mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afg‘on ayolini O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishi rejalashtirilgan.

O‘quv dasturlari O‘zbekistondagi tajribali tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib borilib, ayollarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga ularning o‘z vatanidagi tibbiyot sohasiga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta taʼsir ko‘rsatadi.

Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni o‘z zimmasiga oldi. Xususan, "Taʼlim har narsadan ustun" fondi afg‘on ayollarini o‘qitish, turar joy bilan taʼminlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi. 

Mazkur memorandumning imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro taʼlim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlaydi. Bu tashabbus O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati o‘zining do‘stona siyosati bilan qo‘shni mamlakatlarga ko‘mak berish orqali mintaqada taʼlim tizimini rivojlantirishga va iqtidorli mutaxassislar tayyorlashga katta eʼtibor qaratmoqda.

Mazkur kelishuv nafaqat O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda o‘ziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari yetishib chiqishiga zamin yaratadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91713 | Инструменты