Huawei 1
2025-yilda 2500 nafar o‘zbekistonlik Litvadagi ishlarga jalb qilinadi

Litvada ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqori, biroq migratsiya jarayonlarini tartibli tashkil etish muhim. Bu haqda Litva Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Alisiya Sherbaite va Migratsiya departamenti direktori Evelina Gudzinskayte o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada taʼkidlandi.

Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, O‘zbekiston fuqarolariga ishchi vizani taqdim etish davrini qisqartirish masalasi ko‘rib chiqildi (hozirda 3 oydan ortiq).

Migratsiya agentligi va Tashqi ishlar vazirligi Litvada ishlamoqchi bo‘lgan hamyurtlarimizga “QR kod” xizmatini ko‘rsatadi va bu orqali Litva tomoni fuqarolarimizga qisqa muddatda ish vizasini taqdim qiladi. Bu borada tegishli hujjat imzolanadi.

Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Litva Ijtimoiy himoya va mehnat vazirligi rahbariyati va tizim tashkilotlari masʼullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Litva Ijtimoiy himoya va mehnat vazirligi ish beruvchilardagi vakant lavozimlarning hisobini va xorijiy fuqarolarni ishga yollash bo‘yicha taklifnomalar nazoratini ham amalga oshiradi.

Maʼlumot uchun, Litvaga xorijdan jalb qilingan ishchilar soni bo‘yicha hamyurtlarimiz uchinchi o‘rinda turibdi. 2025-yilning 1-yanvar holatiga 9 000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ishchi vizalari asosida faoliyat olib bormoqda.

Uchrashuvda Litvada O‘zbekistondan boradigan ishchi kuchiga talab borligi, shu yilning o‘zida doimiy ish o‘rinlariga 2000, mavsumiyga kamida 500 nafar jalb qilinishi taʼkidlandi.

Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi masʼullaridan iborat delegatsiya aʼzolari Litvaning “Biznes konfederatsiyasi” rahbari Andrius Romanovskis hamda konfederatsiya tarkibiga kiruvchi tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Baltic works” tashkiloti va Migratsiya agentligi hamkorligida O‘zbekistonda payvandchilarni tayyorlash o‘quv markazlarini tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, “BIURO” rekruting tashkiloti bilan fuqarolarimizni Litva Respublikasida bandligini taʼminlash, “Vyriausiasis Juriskonsultas” yuridik xizmat ko‘rsatish tashkiloti bilan esa o‘zbekistonliklarni Litvada “dual taʼlim”tizimi asosida ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi.

Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati

Litva: haydovchi va avtomexaniklar O‘zbekistonda o‘qitiladi

O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Litva “Sanoatchilar konfederatsiyasi” rahbari va aʼzolari bilan bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarimizni ushbu mamlakatda tashkiliy tartibda ishga joylashtirish ko‘lamini oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Konfederatsiya aʼzolarining taʼkidlashicha, Litvada ishlayotgan hamyurtlarimizning mehnatsevarligi, o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsata olgani bois haydovchi va mexaniklarga talab yuqori.

Mazkur talabni qondirish maqsadida O‘zbekistonning o‘zida Konfederatsiya tarkibiga kiruvchi “GIRTEKA” va “TVG Groupe” kompaniyalari bilan hamkorlikda yuk avtotransporti haydovchi va mexaniklarini tayyorlovchi o‘quv markazlari tashkil etiladi. Birinchi bosqichda 200 nafar hamyurtlarimizni o‘qitib, haydovchi va avtomexanik kasblari bo‘yicha Litvadagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishga kelishildi.

“GIRTEKA” kompaniyasida 4000 ta avtotraktdan iborat o‘z avtoparki mavjud. “TVG Groupe” kompaniyasi avtoparkida esa 800 ta avtotrakt bor.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13120 | Инструменты