Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda prezident olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasiga Prezident rahbar bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.
Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.
Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qo‘mitasida hisobot beradi.
Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Bu yilning o‘zida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari differensial yondashuv asosida 3 ta toifaga ajratiladi.
Bizda boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika yo‘nalishlari ustuvor bo‘lib kelgan. Lekin bu federatsiya rahbarlari xotirjamlikka berilmasdan, medallar sonini 2 karra oshirishni o‘z oldiga maqsad qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, yunon-rum, ayollar kurashi, kamondan otish, qilichbozlik bo‘yicha bizda sharoit ham, iqtidorli sportchilar ham yetarli.
Kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida bu sport turlari bo‘yicha natija ko‘rsatish uchun hozirdanoq xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan astoydil shug‘ullanish topshirildi.
Istiqbolli bo‘lgan yengil atletika, velosport, eshkak eshish, suzish, o‘q otish kabi 22 ta sport turi bo‘yicha litsenziyalarni 3-4 karra ko‘paytirish va medallar uchun kurashga qattiq kirishish lozim.
Bundan tashqari, sinxron suzish, triatlon, voleybol, basketbol, gandbol, badminton kabi rivojlanayotgan 17 ta sport turida litsenziyalarni qo‘lga kiritish juda muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu federatsiya rahbarlari mahallagacha tushib, yosh iqtidorlarni aniqlashi, bittadan sport maktabini tanlab, baza qilishi, infratuzilmasini yaxshilashi va malakali murabbiylar bilan taʼminlashi zarurligi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21316 | Инструменты