Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Oxirgi uch yilda 3 mingta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi, 38 million kvadrat metr noturar joylar paydo bo‘ldi.
Developerlarga yangi massivlar hududining 10-15 foizini noturar toifaga o‘tkazishga ruxsat berildi. Ular bu mulkni sotishdan, savdo va servis tarmoqlari esa ijaraga yoki lizingga olishdan manfaatdor. Lekin ularni bir-biriga bog‘lovchi tizim yo‘q.
Bu borada banklarning developerlardan mulklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi maʼqullandi.
Bu orqali 50 ming kvadrat metrli noturar joylar muomalaga kiradi, byudjetga 70 milliard so‘m tushum va 100-150 ming ish o‘rni yaratiladi. Eng muhimi, lizing shartlari ijaraga nisbatan kamida 15-20 foiz arzon bo‘ladi.
Mutasaddilarga developerlar bilan ishlab, noturar joylarni o‘ziga biriktirilgan sohalarda lizingga berish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan.
Prezident davlat banklari onlayn xizmatlar, aholi uchun jozibador yangi mahsulotlar yaratishda xususiy banklardan orqada qolib ketayotganini qayd etdi.
Misol uchun, o‘tgan yili xususiy banklarda masofaviy xizmatdan foydalanuvchilar soni 32 foizga oshgan bo‘lsa, davlat banklarida bor-yo‘g‘i 13 foizga oshgan.
Banklar joriy yilda masofaviy xizmat ko‘rsatishni kamida 30 foizga o‘stirishi muhimligi taʼkidlandi. Misol uchun, kadastr, soliq, adliya idoralarining bazasi banklar axborot tizimiga integratsiya qilinsa, garovga qo‘yilgan mulkni notariusga borib, taqiq qo‘yish amaliyoti bekor bo‘ladi.
Mutasaddilarga onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31216 | Инструменты