Huawei 1
Makron ittifoqchilarni Ukraina uchun kafolat rejasini ishlab chiqishga chaqirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 11 mart, seshanba kuni Parijdagi yopiq yig‘ilishga yig‘ilgan o‘ttizga yaqin davlat bosh shtab boshliqlarini Rossiya bilan tinchlik bitimi tuzilgan taqdirda Ukraina uchun «ishonchli xavfsizlik kafolatlarini belgilash rejasi»ni ishlab chiqishni boshlashga chaqirdi, deb yozadi Le Figaro gazetasi Yelisey saroyiga tayanib.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, Parijdagi yig‘ilishda 34 davlat vakillari ishtirok etgan. Asosan gap Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlatlar haqida ketyapti. Bundan tashqari, muzokaralarda Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiya vakillari ishtirok etdi, deyiladi xabarda. Shu bilan birga, AQSh ushbu tadbirda qatnashmadi.

«Yevropa bor og‘irligini (tarozida) Ukraina va o‘zi foydasiga tashlash vaqti keldi», — dedi Makron. «Tinchlik muzokaralarining jadallashuvini hisobga olgan holda», Ukrainada mustahkam tinchlik o‘rnatishni haqiqatga aylantirish uchun «ishonchli xavfsizlik kafolatlarini belgilash»ni rejalashtirishni boshlash zarur, deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Yelisey saroyi.

Fransiya prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari Ukraina xavfsizligi kafolatlarini «NATO va uning imkoniyatlaridan ajratmaslik kerak» degan fikrga kelishgan. Bunday kafolatlar «ishonchli va uzoq muddatli bo‘lishi hamda Ukraina armiyasini doimiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga bo‘lishi kerak», deyiladi bayonotda.

Makron: Parij ittifoqchilarini yadro quroli bilan himoya qilish imkonini ko‘rib chiqadi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada keng ko‘lamli urush olib borayotgan Rossiya butun Yevropa uchun tahdidga aylanganini aytdi. 5 mart kuni televideniye orqali xalqqa murojaatida u Rossiya Shimoliy Koreya askarlari va Eron harbiy texnikasidan foydalangan holda Ukrainadagi urushni «global mojaro»ga aylantirganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Makronning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zining harbiy salohiyatini faol oshirmoqda. «Rossiya Ukrainada to‘xtab qolishiga kim ishonadi? Rossiya allaqachon Fransiya va Yevropa uchun tahdidga aylangan», — dedi Fransiya prezidenti.

Makron Amerika Qo‘shma Shtatlari «biz tomonda qolishiga» ishonishni istashini, ammo Yevropa buning aksiga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Fransiya rahbari Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan keyin Rossiya va AQSh o‘rtasidagi yaqinlashuvni «yangi davr» deb atadi.

Fransiya Yevropa ittifoqchilarini yadro quroli bilan himoya qilishni ko‘rib chiqadi, dedi Makron. U, shuningdek, Yevropada yadroviy to‘siq bo‘yicha «strategik munozara» o‘tkazishga chaqirib, Germaniya kansleri Fridrix Mersning Berlin, London va Parij o‘rtasida Yevropa qit’asidagi yadroviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar uchun «tarixiy chaqiruvi»ni eslatib o‘tdi. Emmanuel Makron Fransiya yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha har qanday qaror respublika prezidenti ixtiyorida qolishini qo‘shimcha qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31219 | Инструменты