Huawei 1
O'zbekistonning qarorgohi Budapeshtda bo'lgan birinchi elchisi Vengriya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Prezidenti Tamash Shuyokga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Tantanali tadbir Budapeshtdagi Avliyo Georgiy maydonidagi "Shandor Palota" Prezident saroyida bo'lib o'tdi. Mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shundan so'ng, Prezident qarorgohidagi Mehmonlar kitobiga dastxat yozish va poytaxting Qahramonlar maydoniga gulchambar qo'yish marosimi o'tkazildi.

Marosimdan so'ng bo'lib o'tgan muloqot chog'ida Vengriya Prezidenti Budapesht O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal o'zgarishlar hamda keng ko'lamli islohotlarni olqishlashini va har tomonlama qo'llab-quvvatlashini alohida ta'kidladi.

Suhbat chog'ida mamlakatlarimiz o'rtasidagi turli sohalarda, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm, gumanitar va boshqa jabhalardagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ikki va ko'p tomonlama shakllarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida Prezident Tamash Shuyok O'zbekiston elchisini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish bo'yicha faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatib o'tamiz, Oybek Shaxavdinov 7-mart kuni Vengriyaga tashrif buyurdi va u O'zbekistonning qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan birinchi elchisi bo'ldi.

Diplomat Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura), Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MDXMI) tarjimonlar tayyorlash kursini tamomlagan. 2001-yildan buyon TIV tizimida. Mehnat faoliyati davomida TIV markaziy apparatida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida va mamlakatimizning Bryusseldagi elchixonasida ishlagan.

Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig'i lavozimida faoliyat yuritgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90721 | Инструменты