Huawei 2
O'zbekistonning yangi elchisi Hindiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Bugun O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Sardor Rustamboyev Dehlidagi "Rashtrapati Bhavan" saroyida Hindiston Prezidenti Draupadi Murmuga ishonch yorliqlarini topshirdi

Rasmiy marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbat chog'ida O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Hindiston Prezidenti O'zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat va samimiy tilaklarini izhor etdi, mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi.

Oliy va yuqori darajalardagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar ikki davlatning ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashdagi kuchli siyosiy irodasi va qat'iyatini tasdiqlayotgani, strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini taqdim etayotgani ta'kidlandi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni faollashtirish uchun ulkan salohiyat va o'zaro intilish mavjudligi qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning zamonaviy holati yuqori baholanib, barcha sohalarda o'zaro manfaatli aloqalar yanada rivojlanishiga ishonch bildirildi.

Hindiston Prezidenti O'zbekiston elchisiga o'zaro munosabatlarni mustahkamlash yo'lidagi mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga