O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ravshanbek Alimov Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
"Turkmenportal" internet-axborot resursi tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, Turkmaniston TIV rahbari elchini mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning diplomatik faoliyatini amalga oshirishda turkman tomoni har tomonlama yordam va ko'mak berishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat avvalida ishtirokchilar ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli davlatlararo muloqot yuksak saviyada ekanini alohida qayd etdilar, deb ta'kidlangan nashrda.
Tomonlar mintaqaviy va global kun tartibining muhim jihatlari bo'yicha pozitsiyalar o'xshashligini, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik va gumanitar sheriklik muvaffaqiyatli rivojlanayotganini bildirdilar.
Eslatib o'tamiz, elchi Ravshanbek Alimov 29-noyabr kuni Turkmaniston poytaxtiga tashrif buyurdi. U 2020-2024-yillarda Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi raisi vazifasida ishlagan. Ravshanbek Alimov bundan avval O'zbekistonning Ukrainadagi va o'rindoshlik asosida Moldovadagi elchisi, shuningdek, Fransiyadagi va o'rindoshlik asosida Portugaliyadagi elchi lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120503 | Инструменты