Huawei 1
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun maʼqullandi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlangandek, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlarini oshirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarini kengaytirish, pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratilishining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan foydalanish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati mavjuddir.

Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga hamda "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligini, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari belgilanmoqda.

Senatorlar fikricha, ushbu qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yana-da rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek yer uchastkalaridan va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120414 | Инструменты