Huawei 1
Qonun O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron (raqamli) dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda milliy protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron (raqamli) dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi va shu bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan. Elektron (raqamli) dalillarga qanday maʼlumotlar kiritilishi haqidagi masalalar huquqiy tartibga solinmagan.

Shu sababli mazkur qonun bilan amaldagi qator kodekslar va qonunlarga elektron maʼlumotlar hamda raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish, shuningdek, yo‘q qilish tartibini belgilovchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, elektron maʼlumotlarga elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlar kirishi qayd etilmoqda.

Mazkur qonun bilan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tergov va sud jarayonlari ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib olishi, elektron maʼlumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechirishi kerakligi borasida aniq tartib belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunda raqamli dalillar tushunchasi ham qayd etilmoqda. Unga ko‘ra ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron fayllar, audio- va videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan va boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalil bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga hamda odil sudlov sifatini oshirish va sud ish yurituvini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102414 | Инструменты