Toshkent shahrida 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Majlisda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.
Saylov kodeksiga muvofiq majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev ochdi.
Oliy Majlis Senatini shakllantirish jarayoni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda takomillashtirilgan milliy saylov qonunchiligi talablariga binoan ochiqlik va oshkoralik kabi demokratik tamoyillar asosida amalga oshirildi.
Senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi.
Yuqori palataning 9 nafar aʼzosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi farmoni bilan tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi shu yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining barcha aʼzolarini ro‘yxatga oldi.
Majlis davom etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111913 | Инструменты