Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun joylardagi 310 ta sport maktablari milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi.
Barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy masʼuliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.
Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.
Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarining olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Ular diplom ishi va dissertatsiyalarini bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozishi va ularga amaliy yechim berishi muhimligi taʼkidlandi.
Oliygoh rektorlari yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual taʼlimning ilmiy-amaliy bazasiga aylantiradi.
Hududlarning o‘ziga xosligi, yoshlarning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, 56 ta sport maktabi olimpiya sport turlariga moslashtirildi. Ushbu maktablar milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi.
Shu bois, hududlardan tanlab olingan eng sara yoshlar bu maktablarda individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.
Viloyat hokimlari oldiga ushbu 56 ta sport maktabini yotoqxona va zarur sport jihozlari bilan to‘liq taʼminlash vazifasi qo‘yildi.
Sport vazirligiga bu maktablar uchun ilg‘or xorijiy tajriba va chuqur ilmga asoslangan metodika yaratish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21316 | Инструменты