Huawei 1
Sportdagi mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani aytildi

Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda prezident mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlariga alohida to‘xtaldi.

Masalan, badmintonda birorta litsenziya qo‘lga kiritilmagan. Kamondan otish sport turi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 ta litsenziya olingan.

Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika turlari bo‘yicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi so‘nggi olimpiadada 5 ta litsenziya qo‘lga kiritdi, xolos.

Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi. Yoki, 49 ta suv sporti dasturidan bor-yo‘g‘i 4 tasi bo‘yicha litsenziya qo‘lga kiritilgan.

O‘q otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va “Vatanparvar” tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin birorta sportchimiz Olimpiadaga bormadi.

Yurtimizda yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan bo‘lsa-da, yunon-rum kurashi bo‘yicha atigi 3 ta litsenziya olingan.

O‘tgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati ilk bor yurtimizda o‘tkazildi. Lekin unda yurtimiz birorta ham medal qo‘lga kiritmadi.

Hokimlarning ham bu boradagi masʼuliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Ular sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilarimiz 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy va Qoraqalpog‘istonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan o‘zgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sportda adolat o‘rnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lishi belgilab olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21316 | Инструменты