Huawei 1
“Tolibon” vakillari Bosh vazir Aripov bilan uchrashdi

“Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul-Salom Hanafiy boshchiligidagi delegatsiya yana O‘zbekistonga keldi. Bu haqda afg‘on rasmiy nashrlari yozmoqda.

Shuningdek, delegatsiya tarqibida bosh vazir devoni rahbari Abdul Vasi, Balx gubernatori Muhammad Yusuf Vafo va elchi Abdul-G‘ofar Bahra Tiraviyni ko‘rish mumkin.  
Ularni O‘zbekistonda Bosh vazir Abdulla Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov kutib olgan. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili Ismatilla Ergashev va Buxoro hokimi Botir Zaripov esa ularga Buxorodagi sayohatlarida hamrohlik qilgan.  

Afg‘onistonlik o‘zbek Abdul Salam Hanafiy O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazgan va siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan.
Muvvaqqat hukumat matbuot kotibi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Hanafiy O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuvda Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarga to‘xtalib, “Tolibon”ning Toshkent bilan turli sohalarda bu aloqalarni kengaytirish istagi borligini ta’kidlagan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari o‘zbekistonlik investorlarning Afg‘oniston konlarini qazib olishga tayyorligini bildirib, Transafg‘on loyihasining amalga oshirilishi Afg‘oniston va mintaqa iqtisodiyoti uchun foydali ekanini ta’kidlagan.

“Afg‘oniston va O‘zbekiston hozirgi sharoitda do‘st mamlakatlardir va eng ko‘p bitimlarni imzolagan. Ularning hisobotlariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan savdo hajmi ikki milliard dollardan oshgan va bu tendensiya o‘sishda davom etmoqda”, degan muvaqqat hukumatdagi savdo-sanoat va sarmoya palatasi matbuot kotibi Jan Ag‘a Navid.

Bundan tashqari, “Tolibon” press-relizida yozilishicha, tashrif davomida konchilik, savdo, qishloq xo‘jaligi, transport va tranzit sohalaridan tashqari diniy va tarixiy aloqalar ham muhokama qilingan, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Ammo mazkur tashrif haqida O‘zbekiston tomonidan hech qanday izoh bermagan. Bunga sabab sifatida esa “Tolibon”ning BMT sanksiyalari ostida ekani, Hanafiyning nomi bu tashkilot tomonidan xorijga chiqishi taqiqlanganlar “qora ro‘yxati”ga kiritilgani ko‘rsatilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120220 | Инструменты