Huawei 1
2025-yil uchun asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilmoqda

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda dastlab Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 28 noyabr kuni meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etildiki, qishloq xo‘jaligini yana-da rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan O‘zLiDeP davlatimiz rahbarining yig‘ilishdagi barcha tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda joylarda ijrosini taʼminlashda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokama qilindi. 

Taʼkidlanganidek, loyihaga ko‘ra, 2025 yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilmoqda. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i – 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi – 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soladi hamda tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradi.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari qator takliflarni bildirdi. Yakunda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120221 | Инструменты