Huawei 1
Yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmi 5 baravarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi

Yig'ilishda tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshgani qayd etildi. 

Lekin, ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo‘l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Sharoit yaratib berilsa, 1 milliard dollar sarmoya kiritib, 10 mingta ish o‘rni qilaman, degan mahalliy tadbirkorlar juda ko‘p.

Uch yil oldin 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo va servis obyektlari qurish bo‘yicha imtiyoz berilgan. O‘tgan davrda 209 ta bunday obyektlar qurildi. Lekin, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz.

So‘nggi to‘rt yilda chorvachilikni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 700 million dollar olib kelindi, bu yil yana 350 million dollar jalb qilinadi. Buning hisobiga kamida 20 mingdan ziyod veterinarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Birgina Buxoroda 250 nafar veterinarga talab bor.

Yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmini 5 baravarga oshirish topshirildi.

Hamma hududlarda ham xizmatlar birdek rivojlanmayotgani qayd etildi. Misol uchun, Nukus tumanida o‘tgan yili 363 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 22 foizga o‘sgan. Lekin aholisi undan 2 baravar ko‘p bo‘lgan Guliston tumanida xizmatlar hajmi Nukus tumanidan 30 milliard so‘mga kam.

Yoki, Namangan shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar 13 million so‘mga ham yetmasligi (Jizzax shahrida – 33 million so‘m) haliyam “xufiyona iqtisodiyot” yuqoriligidan dalolat beradi.

Nishon, Yangiqo‘rg‘on, Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangiyer shahri, Mirzaobod, Mirzacho‘lda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo o‘smayotgani, Farg‘onaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani tanqid qilindi.

Hamma vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha har kuni izlanishda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu yilda xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga olib chiqish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish bo‘yicha katta marra olingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20714 | Инструменты