Iste’dodli shoir va jurnalist Akmal Toshev vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Fozil Farhod ma’lum qildi.
"Insonning joni xuddi daraxt shoxida ilinib turgan bargga o‘xshaydi. Qattiqroq shamol tursa, yulinib tushadi. Qatorimiz kam bo‘ldi, do‘stlar. Shoir jo‘ramiz Akmal Tosh omonatini topshirdi. Odamning ishongisi kelmaydi. Kutilmagan shumxabar. Kamtar, kamsuqum yigit edi. Afsus! Do‘stlar, bir-biringizni qadrlang. Kiprikday omonatmiz", -deya yozadi Fozil Farhod.
Akmal Toshev 1985-yilning 6-aprelida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqtosh qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992-2003-yillar qishloqdagi 41-umumta’lim maktabida o‘qidi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida jurnalistika fakultetida bakalavr yo‘nilishini (2004-2008), magistratura bosqichida (2011-2013) tahsil oldi.
"Ishonch" va "Ishonch-Doveriye" gazetalari tahririyatida bo‘lim muharriri lavozimida ishlagan.
Akmal Toshev badiiy ijod bilan shug‘ullanib keladi. Qator markaziy gazeta va jurnallarda she’rlari chop etilgan. "Mohiyat lahzalari" (2008), "Farishtali kunlari" (2011) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. "Qashqadaryo bayozi" (2007), "Yoshlar kitobi" (2008), hamda "Oltin ko‘prik" (2010) almanaxlariga she’rlari kiritilgan.
Fozil Farhod Akmal Tosh bilan telegramda juda kam gaplashganini, 2020-yil 4-dekabr kuni “Shoir ovozi” nomli she’rini yuborib: “Bir ko‘ring-chi, maqul bo‘lsa kanalga qo‘yvoring”, deya yozganini eslaydi.
"U Yozuvchilar uyushmasining kanalini nazarda tutgandi o‘shanda. Ammo hozir kanalni ko‘rsam, she’rni o‘shanda qo‘ymagan ekanman. Mana o'sha she'r",-deydi Fozil Farhod.
SHOIR OVOZI
Shavkat Rahmon xotirasiga
Yondim,
Olov bo‘ldim so‘zlarni quchib,
Har nafas musulmon millatim dedim.
Ne qilay, borim shu, tuslanolmadim,
O‘zbekning oddiy bir shoiri edim.
Shunday yashadi u
Egmadi boshin,
Turkiy asov ruhi she’rlarga ko‘chdi.
Dashtu dalalarda ulg‘aygan isyon,
Darddan titrab turgan qalblarni quchdi.
Kuylar oqayotir
Mag‘rur va sokin
Qaynoq tuyg‘ularda jilva – kamalak.
Mardonavor ovoz hayqirib turar,
Urib turar unda ulkan bir yurak.
Yolg‘on she’r soyasi bunda ko‘rinmas,
Qarsaklar makriga chap bergan so‘zlar.
Rubobiy ohanglar,
Qilichdek nafas
Yovlarning boshiga kulfat yog‘dirar.
Yelkamda qanotlar ulg‘ayar shunda
Hayratlar cho‘qqisi qarshimda peshvoz.
Yorug‘ xayollarga cho‘mgancha ruhim,
Shamollar kaftida ayladi parvoz.
Qarshimda bir chaman – musavvirona
Turfa iforlardan mastona ko‘ngil.
Elning yuragiga talpingan ovoz
Ilohiy chashmaga tutashgan manzil.
Iymonga yuz burib,
Orni avaylab,
Mahkumlik zindonin parchalar botir.
Takror kurashlarda toblangan haqso‘z
Ezgulikni mangu kuylashga qodir!
Alpha version: 0.9.1.19 build 13019 | Инструменты