Surxondaryoda hokim “ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan Captiva-5 olgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatovning ma'lum qilishicha, avtomobil xaridi uchun sarflangan mablag‘ tuman zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.
Angor tumani hokimligiga ko'ra, hokimlikning 2024-yil 12-fevraldagi qaroriga asosan zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 340 million so‘mga Captiva-5 rusumli avtomashina xarid qilingan. Tuman zaxira jamg‘armasi mablag‘lari budjet kodeksining 73-moddasi 7-xatboshi talablariga muvofiq sarflangan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-son qarori talablari asosida xarid qilingan.
Ta’kidlanishicha, hokimlik xaridni davlat xaridlari elektron tizimining shartnoma tuzish platformasi orqali amalga oshirgan.
Hokimlik tomonidan davlat xaridlari elektron tizimi (xarid.uzex.uz)ning shartnoma tuzish platformasidan № 241100412590925 lot raqami orqali avtomashina xarid qilingan. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 62-sonli buyrug‘i 3-ilovasida budjet tashkilotlari, budjet mablag‘lari oluvchilar va boshqa maqsadli jamg‘armalar budjetidan mablag‘ oluvchilarning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari turlari belgilab qo‘yilgan, — deydi mas’ullar avtomobil xaridiga izoh berar ekan.
Mas’ullarning bildirishicha, Angor tumani hokimi ikki yil davomida xizmat avtomobilisiz yurgan. Shu sabab xarid amalga oshirilgan.
Birinchi o‘rinbosarning Gentra rusumli xizmat avtomobilidan vaqtincha hokim foydalanib turgani bois birinchi o‘rinbosar va hokimning investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bitta avtomobildan foydalanishga majbur bo‘lgan. Bu ish davomida noqulayliklar tug‘dirgani tufayli yangi avtomobilga ehtiyoj sezilgan, — deydi mas’ullar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110808 | Инструменты