Huawei 1
Bosh vazir o‘rinbosari: Kengashlardan o‘zlariga berilgan vakolatlardan haqiqatan foydalanishini iltimos qilamiz

Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 18-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yig‘ilishida xalq deputatlari kengashlarini joylarda ayrim soliqlar miqdorini tartibga solishda faol bo‘lishga chaqirdi.

Vazir prezidentning noyabr oyida Qonunchilik palatasidagi maʼruzasida yer, mol-mulk va aylanma soliqlarning 100 foizi, shuningdek, daromad solig‘ining kamida 50 foizi tumanlar byudjetlarida qoldirish bo‘yicha topshiriq berganini eslatdi.

Bundan tashqari, kengashlar mulk solig‘i, yer solig‘i, binolar yoki avtomashinalarni ijaraga beradigan jismoniy shaxslar uchun eng kam ijara stavkalarini kamaytirish yoki oshirish vakolatiga ega.

"Joylardan bizga juda ko‘p savollar keladi. Tabiiyki, joylardan kelayotgan minglab savollarni Toshkentda yig‘ib hal qilishning imkoni yo‘q. Jarayonlar raqamlashtirilgan bo‘lsa ham. Mahalliy kengashlar o‘zlariga berilayotgan vakolatlardan haqiqatan foydalanishini iltimos qilgan bo‘lardik", — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Qo‘chqorov Toshkent shahri, viloyat markazlari va tumanlar (shaharlar)dagi dehqon bozorlaridagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining chakana savdosi tariflari misolida kengash vakolatlarini tushuntirib berdi.

Farg‘onada bu stavka 600 ming so‘m atrofida, savdo hajmi bo‘yicha qolishmaydigan qo‘shni Marg‘ilonda esa to‘lovlar pastroq (masalan, Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi kabi).

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu stavkalarning Toshkentdan markazlashgan holda belgilanishi «kamchiliklarga olib keladi». Kengashlar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq summalariga faoliyat amalga oshiriladigan joylarning xususiyatlariga, shuningdek faoliyat amalga oshiriladigan turlarining mavsumiyligi qarab 0,7 dan 1,3 gacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilaydi.

"Savoldan xursand bo‘lib ketdim. Kengashlarimiz bu ishda faol ishtirok etib, haqiqatan bu yil byudjet daromadini o‘zlari o‘ylab, o‘zlari qayerdadir kattaroq, qayerdadir kichikroq qo‘yishi kerak. Hozir biz Toshkentdan turib qayergadir kattaroq stavkalarni belgilasak, [eʼtirozlar] bo‘ladi. Ana, o‘zlari hal qilsin", — deya taʼkidladi u.

Iqtisodiyot va moliya vaziri "soliq koeffitsiyentlarini qo‘llash huquqidan «juda kam, ehtimol, birorta ham kengash foydalanmagan"ini taʼkidladi.

"Bu ham bizning aybimiz, bu masalani o‘rganmaganmiz. Agar stavka oshirilsa, mahalliy byudjetga pul tushadi. Toshkentdan kim borsa, hammasi arzimagan pulni so‘ragandan ko‘ra, joyida shu ishni o‘zimiz qilsak bo‘ladi-ku? Yaʼni fuqarolarni, mahallani yig‘ib, ularga tushuntirish uchun imkoniyat bor, har mahallada yettitadan odam bor. Agar Bulung‘ur tumanida pul yig‘ilsa, uni birov Samarqand yoki Toshkentga olib ketib qolmaydi, kelinglar, o‘zimiz uchun deputatlar kengashi bilan stavkani 20 foizga oshiraylik, uning hisobini alohida nazoratga olaylik, shu pulni falon mahalla yo ko‘chaga yo‘naltiraylik, deyishlari mumkin edi", — deya taklif qildi u.

Jamshid Qo‘chqorov ushbu mablag‘lar mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolib, respublika byudjetiga tushmasligini taʼkidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122017 | Инструменты