Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi aeroporti orqali qadimiy tangalarni olib chiqishga urinishning oldini oldi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqaro X.X. HY-9623 reysi bilan Moskvaga uchishni rejalashtirgan. Uning qo‘l yukini rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazish, so‘ngra xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘zdan kechirish chog‘ida yo‘lovchida deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, kamida 50 yillik 116 dona metall tanga borligi aniqlangan.
Olib qo‘yilgan tangalar Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga topshirildi. Madaniy meros agentligi xulosasiga ko‘ra, tangalar orasida Buxoro amirligi davriga oid ekzemplyarlar ham bor.
Holat yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga taqdim etildi.
Yil boshidan buyon «Qarshi aeroporti» bojxona posti xodimlari tomonidan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan madaniy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishga 10 ta urinishning oldi olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111514 | Инструменты