Buxoro viloyat Ekologiya boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limi xodimlari tomonidan navbatdagi navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida tumanning cho‘l hududidan saksovul o‘simligini noqonuniy ravishda kesib, olib ketayotgan “Ford” rusumli avtomashina to‘xtatildi. Tekshiruv natijasida avtomashina ichida bo‘lgan 3 nafar fuqaro saksovul o‘simligini noqonuniy tarzda sindirib, olib ketayotganligi aniqlangan.
Tuman Ekologiya bo’limi xodimlari avtomashinani belgilangan tartibda jarima maydonchasiga olib borish bo‘yicha qonuniy talab qo‘ygan bo‘lsa-da, huquqbuzarlar inspektorlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, voqea joyidan qochishga uringan hamda faol qarshilik ko‘rsatgan.
Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan Shofirkon tumani IIBga qonuniy chora ko‘rish uchun rasmiy bildirish xati yuborildi.
Ushbu huquqbuzarlik Shofirkon tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqildi va fuqaro A.S.ga inspektorlarning qonuniy talablariga bo’ysunmaganligi hamda faol qarshilik ko’rsatib, qochishga uringanligi uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo’llanildi.
Shuningdek, qolgan 2 nafar fuqaroning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 10 mln 300 ming so’mdan jarima tayinlandi. Qolaversa, tabiatga huquqbuzarlar tomonidan jami 32 mln 298 ming so’m zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Bundan tashqari, sud tomonidan qonuniy buyruqqa bo‘ysunmaganlik uchun saksovul sindirgan 3 nafar huquqbuzarning har biriga hamda voqeaga aralashgan yana bir fuqaroga BHMning 5 baravaridan (2 million 60 ming so‘m) jarima tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92917 | Инструменты