Buning natijasida o‘simlik dunyosiga salkam 800 mln so'mlik zarar yetkazilgan
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bo‘yicha turli suratlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligida tezkor ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Ma'lum bo'lishicha, mazkur holat joriy yilning 7-sentyabr kuni sodir etilgan. Ushbu hudud “DREAM HOUSE STROY” MCHJga tegishli ekanligi aniqlandi.
Qurilish uchun ajratilgan mazkur hudud jami 20 sotix yer maydonidan iborat bo‘lib, joriy yilning 20-yanvarida davlat ekologiya inspektorlari tomonidan hududdagi daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan. So'ng jami 58 dona har xil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur hujjat bilan MCHJga daraxtlarni kesmaslik va ularni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan. Shuningdek, korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan shu yil 20-yanvarda kafolat xati ham taqdim etilgan.
Bu voqea yuzasidan maxsus ishchi guruh kecha, 7-sentyabr kuni tunda o‘rganish ishlari olib bordi.
Qayd etilishicha, jarayonda ushbu jamiyatga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan yo‘q qilinganligi aniqlandi.
Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 797 mln 700 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bu bilan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 197 prim 6-moddasi, “Jinoiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 198-moddasiga asosan javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avval ham 17-fevral kuni bu korxona hududdagi daraxtlarni kesayotgani yuzasidan yagona darcha xizmatiga murojaat etilgan, lekin bu Ekologiya boshqarma tomonidan tasdiqlanmagan ya'ni darxtlar kesilmagani aytilgan.
Umuman olganda, daraxtlarga bunday katta miqdorda zarar yetkazish Chilonzor tumanidagi birinchi holat emas. Ya'ni bundan roppa rosa 1 oy oldin tumanda yo‘l kengaytirilishi sabab ko'plab daraxtlarning ildizi kesib tashlangan. 100 ga yaqin daraxtlar shikastlangandi.
Shundan keyin Chilonzor tumani hokimi va prokurori lavozimidan ozod etilgan va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʼjaevga va prokuror U.Qosimovga qattiq hayfsanberilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11914 | Инструменты