Toshkent viloyati Chirchiq shahar "Do'stlik" MFY hududida joylashgan 4-sonli maktab binosining poydevori cho'kib, devorlari yorilgani aytildi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha obyektda shu kunga qadar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan nazorat tadbirlari muntazam olib borilgan. Qurilish-montaj ishlari sifati ustidan pudratchi, loyihachiga 2 marta yozma koʻrsatma berilgan hamda ular ijrosi ham taʼminlangan.
Keyinroq obyektni foydalanishga topshirish boʻyicha ishchi komissiya aʼzolari va inspeksiya tomonidan berilgan kamchiliklar pudratchi tomonidan toʻliq bartaraf etilmaganligi sababli, hozirgi kunda ushbu foydalanishga topshirish bayonnomasi inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilmagan.
"Binoning texnik holatiga keladigan bo'lsak, uning tashqi devoridagi yoriqlar sabab tom qismidan tushayotgan yomgʻir suvlari binoning poydevor qismiga ketayotganligi oqibatida poydevorda choʻkish yuzaga kelgan. Bugungi kunda yuzaga kelgan yoriqlar pudratchi tomonidan taʼmirlangan. Pudratchiga bahorgi taʼtil vaqtida qayta toʻliq taʼmirlash boʻyicha koʻrsatma ham taqdim etilgan", - deyiladi vazirlik xabarida.
Ma'lumot o'rnida, qurilish obyektida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishchi loyiha hujjatlariga asosan 120 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilishi koʻrsatilgan. Ushbu bino qurilishi bosh rejada koʻrsatilgan hududda koʻp yillik daraxtlarni kesishning imkoni boʻlmaganligi sababli avval belgilangan joydan boshqa yerga koʻchirilgan. Qurilish jarayonida kiritilgan oʻzgartirishlarga buyurtmachi tomonidan 2020-yil mart oyida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Avvalroq, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida koʻp qavatli uy ichidan darz ketgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik obyektni sifatsiz qurgan kompaniya rahbari va mutasaddilarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111409 | Инструменты