Daniyada o'zbek madaniy merosiga bag'ishlangan "Qo'lda to'qish san'ati – Abrbandi" nomli ko'rgazma o'tkazildi
15-oktabr – 7-noyabr kunlari "O'zbek tashabbuslari uyushmasi" tomonidan O'zbekiston elchixonasi (qarorgohi Stokgolm shahrida) bilan birgalikda Daniyaning qadimiy shaharlaridan biri – Orxusdagi Markaziy kutubxona va madaniy markaz binosida o'zbek madaniy merosiga bag'ishlangan "Qo'lda to'qish san'ati – Abrbandi" nomli ko'rgazmasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, bugungi kunda xorijda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan va istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz boy milliy madaniy merosimizni targ'ib qilishda O'zbekistonning tegishli chet mamlakatlardagi elchixonalari va konsulxonalari bilan hamjihatlikda amalga oshirilayotgan tadbirlarida va loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
Daniyada joylashgan "O'zbek tashabbuslari uyushmasi" mana shunday vatandoshlarimiz tomonidan ta'sis etilgan. Uyushma nafaqat vatandoshlarni jipslashtirish, balki milliy madaniyatimizning turli ko'rinishlarda targ'ib qilishda ham faol ishtirok etadi.
"O'zbek tashabbuslari uyushmasi"ning yirik loyihalaridan biri – Qo'lda to'qish san'ati – Abrbandi" nomli ko'rgazmasi 18 kun davom etdi. Tadbirga minglab tomoshabinlar tashrif buyurib, O'zbekistonning hunarmandchilik mahsulotlari, milliy matolari va turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Ko'rgazmaning asosiy maqsadi o'zbek nomoddiy merosini dunyoga tanitish va xorijliklarga yetkazish hisoblanadi, – dedi "O'zbek tashabbuslari uyushmasi" rahbari Ma'rifat Akbarova. – Ushbu tadbirda mamlakatimiz milliy ipak mahsuloti tayyorlanish jarayonlarining barcha bosqichlarini namoyon qiluvchi foto va videolavhalardan ham foydalanildi. Ushbu noyob ko'rgazma daniyaliklarda katta qiziqish uyg'otdi.
Ushbu ko'rgazmani tashkil qilishda ko'maklashgan dizayner-tikuvchi Zulfizar Ahmedova, tadbirni ijtimoiy tarmoqlarda keng targ'ib qilishda yordamlashgan Mahbuba Temirova va Doniyor Bavabekov, fotosuratlar muallifi Husniddin Ato va Daniyada istiqomat qilayotgan o'zbek vatandoshlarimizga o'z minnatdorligimni bildiraman. Shuningdek, biz "Vatandoshlar" jamoat fondi bilan bir yildan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Ushbu tashkilot tomonidan taqdim qilingan milliy mato va buyumlardan ko'rgazmalarda keng foydalanyapmiz.
Kelgusida "Vatandoshlar" jamoat fondi va O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda Daniya hamda Shvetsiyada ko'plab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111521 | Инструменты