Huawei 1
Abxaziyada namoyishchilar parlament hududiga bostirib kirdi

Tan olinmagan Abxaziya respublikasida muxolifat rossiyalik investorlar uchun katta imtiyozlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qarshi chiqib, namoyish uyushtirmoqda. Bu haqda “Respublica” Telegram-kanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, namoyishchilar mamlakat parlamenti oldidagi to‘siqni buzib, uning hududiga bostirib kirgan va oqibatda kuchishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.  Ular parlament yig‘ilishi va Rossiya bilan investitsiya shartnomasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini rad etishni talab qilgan.

“Apsnipress”ga ko‘ra, parlament yig‘ilishi bo‘lgan, biroq deputatlar kun tartibiga qarshi ovoz berib, majlisni keyinroq o‘tkazishga qaror qilgan. Shundan so‘ng namoyishchilar hujumga o‘tib, hokimiyat tarafdorlariga tuxum uloqtirgan.  

Ma’lumot uchun, Abxaziyada norozilik namoyishlari bir necha kundan beri davom etmoqda. Mahalliy muxolifat asosan Moskva va Suxumi o‘rtasida respublikaga Rossiya investitsiyalarini jalb qilishga doir kelishuvga norozilik bildirmoqda.

Muxolifatga ko‘ra, bu kelishuvdan Abxaziya iqtisodiy foyda olmaydi va undan voz kechish zarur.

“Bu kelishuv, avvalo, xorijlik oligarxlar uchun 25 yil davomida soliqlardan ozod bo‘lish imkoniyatini beradi. Kelishuvda ko‘zda tutilgan imtiyozlar faqat 2 milliard rubldan yuqori investitsiyalar bilan kuchga kiradi. 25 yil davomida byudjetga bir tiyin ham keltirmaydigan bunday investitsiya loyihalari bizga nima uchun kerak?!” degan avvalroq Abxaziya Xalq Harakati yetakchisi, sobiq bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Adgur Ardzinba.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111521 | Инструменты