Adliya vazirligi tomonidan Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yangilangan tartibga ko‘ra, davlat oliygohlarini reyting natijalari asosida rag‘batlantirish mexanizmi belgilandi hamda hisobot ma’lumotlarini kiritish muddati uzaytirildi.
2026-yil 21-noyabr kuni 3783-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mazkur hujjat Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–58-son farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Unga muvofiq, davlat oliy ta’lim tashkilotlarini milliy reyting natijalari asosida rag‘batlantirish tartibi joriy etilmoqda. Bunda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan rag‘batlantirish mablag‘lari milliy reyting natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 15 ish kuni ichida tegishli davlat oliygohlariga o‘tkazib beriladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan maxsus platformaga hisobot yili bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish muddati 1-fevraldan 1-iyunga qadar uzaytirildi. Shuningdek, 2026-yil 31-oktabrda “Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblash metodikasi (3964-son) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani munosabati bilan milliy reytingni yuritishda bitiruvchilar bandligiga oid ayrim indikatorlar ushbu indeks natijalari bilan almashtirilmoqda.
Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotining xalqaro darajadagi obro‘sini aniqlash jarayoniga ham aniqlik kiritildi. Endilikda mazkur baholashda xorijiy hamkor hisoblangan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlardan jami 200 nafargacha xodim jalb etilishi mumkinligi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112120 | Инструменты