Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida o‘tgan yili avgust oyida ta’mirlangan yo‘l mashinalar o‘tayotganda o‘pirilib ketdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 24 fevral kuniga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyati Avtomobil yo‘llaridan muntazam foydalanish davlat muassasasi ixtiyorida bo‘lgan D105 ( 4R-112) “Farg‘ona halqasi” avtomobil yo‘lining Bog‘dod tumani “Qaxat” MFY hududidan o‘tgan 286 kilometrida yo‘lning o‘ng tomonidan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘payib, avtomobil yo‘lining tag qismidan sizib o‘tishi oqibatida asfalt yo‘l qoplamasida cho‘kish yuzaga kelgan.
Hozirgi vaqtda mazkur avtomobil yo‘lining Qo‘qon-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha 285 kilometr va Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishining 288 kilometrlaridan vaqtinchalik harakat cheklanib, ushbu tumanning 40V 047 Bog‘dod-Dasht-Utarma (Qo‘qon-Farg‘ona) va 40V 046 Yangiqo‘rg‘on-Utarma-Qaqir (Farg‘ona-Qo‘qon) avtomobil yo‘llari orqali harakat tashkil etilgan va yo‘l cho‘kkan qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Bildirilishicha, mazkur avtomobil yo‘li 2024 yil avgust oyida joriy ta’mirlangan. Transport vositasi harakat jadalligi sutkasiga 30 000-35 000 tashkil etadi, harakat vaqtincha to‘xtatilib, tashkil etilgan avtomobil yo‘llarining 25 kilometrga uzaygan. Farg‘ona viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga ko‘ra, bugun, 24 fevral kuni soat 18:00 ga qadar avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari yakunlanib, transport vositalarining harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22418 | Инструменты